Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 49-modda. Ijro yozuvini prokatga berish huquqi

Tijorat maqsadlarida chop etilgan, ijrosi ijrochi ishtirokida yozib olingan fonogrammani prokatga berish huquqi ijroni fonogrammaga yozib olish toʻgʻrisida shartnoma tuzilganda fonogrammani tayyorlovchiga oʻtadi. Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma nusxalarini prokatga berishda ijrosi fonogrammaga yozib olingan ijrochi bunday fonogramma nusxalari prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi. Tijorat maqsadlarida chop etilgan audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda ijrosi audiovizual asarga kiritilgan ijrochi bunday audiovizual asar nusxalarining prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi. Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda haqni yigʻish va taqsimlash ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Haq miqdori bunday tashkilot bilan prokatga beruvchi tashkilot oʻrtasidagi kelishuvda belgilanadi.