Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 56-modda. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar

Fan, adabiyot va sanʼat asarlarining mualliflari, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar yoki boshqa huquq egalari oʻz mulkiy huquqlarini amalga oshirish maqsadida oʻz mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar tuzishga haqlidir. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar notijorat tashkilotlari hisoblanadi va oʻz ustavi asosida faoliyat koʻrsatadi. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning ustavlari ushbu Qonun talablariga javob beradigan qoidalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning faoliyatiga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklashlar qoʻllanilmaydi. Huquq egalarining turli huquqlari va turli toifalari boʻyicha alohida tashkilotlarni yoki bir toifadagi huquq egalarining manfaatlarini koʻzlab turli huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlarni yoxud turli toifadagi huquq egalarining manfaatlarini koʻzlab, huquqlarning bir turini boshqaruvchi tashkilotlarni tuzishga yoʻl qoʻyiladi. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish shartlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.