Quyidagilar: mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish; ijrochining ismi-sharifga boʻlgan va ijroni har qanday tarzda buzib koʻrsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz qilinishidan himoya qilish huquqlarini buzish; huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish, ushbu Qonunga muvofiq shunday foydalanishga shartnoma tuzmasdan yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno; ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda haq toʻlash toʻgʻrisidagi talablarni buzish; asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha olingan huquqlarni oshirib yuborgan holda foydalanish; huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqacha tarzda buzish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzishdir. Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining takrorlanishi yoki tarqatilishi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda amalga oshiriladigan nusxalari kontrafakt nusxalardir. Ushbu Qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining bunday asarlarni va turdosh huquqlar obyektlarini muhofaza qilish toʻxtatilgan yoki hech qachon muhofaza qilinmagan davlatlardan huquq egalarining roziligisiz import qilinadigan nusxalari ham kontrafakt nusxalardir.