Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 63-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari

Asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishni nazorat qiluvchi, muallif, turdosh huquqlar egasi yoxud asarlarga yoki turdosh huquqlar obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarning boshqa egasi tomonidan ruxsat etilmagan harakatlar amalga oshirilishining oldini oluvchi yoki ularni cheklovchi har qanday texnik qurilmalar yoxud ularning tarkibiy qismlari mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari deb eʼtirof etiladi. Asarlarga yoki turdosh huquqlar obyektlariga nisbatan: asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishga doir mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalarining qoʻllanilishi yoʻli bilan belgilangan cheklashlarni olib tashlashga qaratilgan harakatlarni ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning ruxsatisiz amalga oshirishga; har qanday qurilmani yoki uning tarkibiy qismlarini tayyorlashga, tarqatishga, prokatga berishga, vaqtinchalik tekin foydalanish uchun berishga, import qilishga, reklama qilishga, ulardan tijorat maqsadida foydalanishga yoxud xizmatlar koʻrsatishga, agar bunday harakatlar natijasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalaridan foydalanish mumkin boʻlmay qolsa yoki bunday texnika vositalari koʻrsatilgan huquqlarning lozim darajada himoya qilinishini taʼminlamasa, yoʻl qoʻyilmaydi.