Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 64-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida axborot

Asarni yoki turdosh huquqlar obyektini, muallifni, turdosh huquqlar egasini yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasini identifikatsiyalovchi har qanday axborot yoxud asardan yoki turdosh huquqlar obyektidan foydalanish shartlari haqidagi, asarning yoki turdosh huquqlar obyektining nusxasida mavjud boʻlgan, ularga ilova qilingan yoxud bunday asarni yoki turdosh huquqlar obyektini barchaning eʼtibori uchun yuborish yoxud barchaning eʼtiboriga yetkazish munosabati bilan paydo boʻladigan axborot, shuningdek shunday axborotni oʻz ichiga olgan har qanday raqamlar va kodlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi axborot deb eʼtirof etiladi. Quyidagilarga: mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi axborotni ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning ruxsatisiz chiqarib tashlash yoki oʻzgartirishga; mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi axboroti ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning ruxsatisiz chiqarib tashlangan asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini takrorlash, tarqatish, tarqatish maqsadida import qilish, omma oldida ijro etish, barchaning eʼtibori uchun yuborishga, barchaning eʼtiboriga yetkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.