Nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati u Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligini buzgan taqdirda sud tomonidan toʻxtatib qoʻyilishi mumkin. Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan, shuningdek ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda prokuratura organlari yoki adliya organlari koʻrsatilgan qoidabuzarliklar toʻgʻrisida mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar organlariga taqdimnoma kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati prokuratura va adliya organlarining taqdimnomasi asosida sudning qarori bilan olti oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib qoʻyiladi. Oʻzbekiston Respublikasining hududida favqulodda holat joriy etilgan taqdirda nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatini toʻxtatib qoʻyish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.