Tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqi berilgan vazirlik yoki idora qayta tashkil etilgan taqdirda, huquqiy vorisga oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi bilan birga ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va tugatish vakolatlari ham oʻtadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Vazirlik yoki idora tugatilgan yoxud u tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqini huquqiy vorisiga bermasdan qayta tashkil etilgan taqdirda, ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va tugatish vakolatlari yuqori turuvchi organga yoki boshqa vakolatli organga oʻtadi. Vazirlik yoki idora qayta nomlangan taqdirda, uning ilgarigi nomi koʻrsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning qayta nomlanishiga oid qismiga oʻzgartirish yoki qoʻshimcha kiritilishi lozim. Bunday oʻzgartirishlar yoxud qoʻshimchalar kiritilguniga qadar ilgarigi nomni oʻz ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi qayta nomlangan vazirlikka yoki idoraga nisbatan toʻliq hajmda tatbiq etiladi. Vazirlik yoki idora maqomining oʻzgarishi ular tomonidan ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi tugatilishiga olib kelmaydi.