Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi boʻyicha oʻzaro nisbati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga , normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatlariga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi. Normativ-huquqiy hujjat oʻziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boʻlishi kerak. Normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovutlar boʻlgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat qoʻllaniladi. Teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovutlar boʻlgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat qoidalari amal qiladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno. Agar normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati boʻlsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil maqomdagi boshqa vazirlik yoki idora tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻladi. Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.