Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida 24-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi

Ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (bundan buyon matnda portal deb yuritiladi) jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtiriladi. Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini portalga uni normativ-huquqiy hujjat qabul qiluvchi organga kiritishdan oldin joylashtiradi. Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasining portaldagi jamoatchilik muhokamasi muddatini tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi hamda bu muddat portalda normativ-huquqiy hujjat loyihasi joylashtirilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi boʻyicha jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilaridan tushgan fikr-mulohazalarni va (yoki) takliflarni hisobga olishni ishlab chiquvchi qabul qilingan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarga muvofiq loyihani maromiga yetkazish yoʻli bilan amalga oshiradi. Kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar rad etilgan taqdirda, ishlab chiquvchi ularni rad etish sababini asoslashi shart. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi natijalari, qoida tariqasida, kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarni koʻrib chiqish natijalari koʻrsatilgan holda tegishli vazirliklar, idoralar hamda boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organga (koʻrib chiqish uchun) kiritiladi.