Tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organga davlat tilida kiritiladi. Zarur boʻlgan hollarda, uning boshqa tillardagi tarjimasi taqdim etilishi mumkin. Tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza yakunlari boʻyicha xulosasi va tushuntirish xati bilan kiritiladi. Normativ-huquqiy hujjat loyihasiga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda tegishli organlarning normativ-huquqiy hujjat loyihasining tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha xulosasi (hisoboti), shuningdek moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar, statistika maʼlumotlari va uni asoslash uchun boshqa maʼlumotlar ilova qilinadi. Ishlab chiquvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritayotganda uni amalga oshirishga, shuningdek uning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish hamda targʻib qilishga doir tadbirlar rejasini ilova qiladi. Ishlab chiquvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonun loyihasini kiritayotganda, bundan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi mustasno, xalqaro hujjatlarning va xorijiy mamlakatlar qonunchiligining, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining tegishli qoidalarini, tegishli xalqaro tajribani Oʻzbekiston Respublikasi sharoitlarida qoʻllash maqbulligi toʻgʻrisidagi asosli takliflarni ketma-ketlik tartibida koʻrsatgan holda tahliliy qiyosiy jadvalni tayyorlashi shart. Xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonunchiligi prinsiplari, qoidalari hamda taʼriflarining tayyorlangan batafsil tahlilini oʻz ichiga olgan qiyosiy jadvalsiz kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi koʻrib chiqilmaydi, bundan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi mustasno.