Vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi. Vazirliklar va idoralarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Vazirliklar va idoralarning mansabdor shaxslari davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga kiritganlik uchun qonunda belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi qonunchilikda belgilanadi.