Notariusning faoliyat koʻrsatish hududi (notarial okrug) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy boʻlinishiga muvofiq belgilanadi. Notarial idora tegishli notarial okrug doirasida joylashgan boʻlishi kerak. Jismoniy yoki yuridik shaxs notarial harakatni amalga oshirish uchun xohlagan notariusga murojaat qilishga haqli, bundan ushbu Qonunning 37 , 51 , 52 , 59 , 63 , 74 , 82 va 93-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Notariusning notarial harakatni belgilangan faoliyat hududidan tashqarida amalga oshirishi bu harakatni haqiqiy emas, deb topishga asos boʻlmaydi. Notarius mavjud boʻlmagan hududdagi vasiyat qiluvchi ogʻir kasal boʻlgan hollarda vasiyatnomani tasdiqlash uchun notarius oʻzi xizmat koʻrsatadigan hududdan tashqariga chiqishga haqlidir.