Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida Notarial palata huzurida Kompensatsiya fondi tashkil etiladi. Notarial faoliyatga koʻmaklashish, notariuslarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida Notarial palata huzurida Notariuslar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish fondi tashkil etiladi. Davlat notarial idoralari notariuslari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Notarial palata huzurida Davlat notarial idoralari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etiladi. Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi, Notariuslar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish fondi hamda Davlat notarial idoralari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash fondi notariuslarning Notarial palataga aʼzolik badalidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan shakllantiriladi. Majburiy ajratmalar miqdori yil yakunida Notarial palata boshqaruvi yigʻilishining qaroriga koʻra belgilanadi. Notarial palata huzuridagi fondlarning mablagʻlaridan oqilona foydalanishi ustidan nazorat qilish Notarial palata tomonidan amalga oshiriladi.