Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyalari deb yuritiladi) xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) toʻxtatib turish va tugatish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish maqsadida tashkil etiladi. Malaka komissiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalarining qarorlari bilan Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari orasidan besh nafardan toʻqqiz nafar kishigacha boʻlgan tarkibda toq miqdorda tuziladi. Davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish, notarius qasamyodini qabul qilish, malaka komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan apellyatsiyalarni koʻrib chiqish, shuningdek malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun oʻn bir nafar kishidan iborat tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi. Oliy malaka komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyalari, Notarial palata vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari, shuningdek advokatlar kiradi. Oliy malaka komissiyasining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi. Tanlov oʻtkazish va malaka imtihoni topshirish tartibi, Oliy malaka komissiyasi va malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.