Notarius quyidagi hollarda notarial harakatni amalga oshirishni rad etadi, agar: bunday harakatni amalga oshirish qonunga zid boʻlsa; bu harakat boshqa notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak boʻlsa; muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari boʻlmagan vakil notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan boʻlsa; yuridik shaxs nomidan amalga oshiriladigan bitim uning ustavida yoki nizomida koʻrsatilgan maqsadlarga zid boʻlsa; bitim qonun talablariga muvofiq boʻlmasa; notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonunchilik talablariga muvofiq boʻlmasa. Notarial harakatni amalga oshirish rad etilgan taqdirda notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi. Notarius notarial harakatni amalga oshirish toʻgʻrisidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan rad etish sababini yozma ravishda bayon etishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirib berishi lozim.