Notariat toʻgʻrisida 59-modda. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berish tartibi

Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma merosni qabul qilib olgan merosxoʻrlarga qonunchilikka muvofiq beriladi. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma barcha merosxoʻrlarga birgalikda yoki ularning xohishiga bogʻliq ravishda har biriga alohida berilishi mumkin. Notariuslar voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz merosxoʻrlarning mulkiy manfaatlarini muhofaza qilish uchun ularga merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berilganligi haqida merosxoʻrlar yashayotgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga xabar qiladi. Mol-mulk vorislik huquqi boʻyicha davlatga yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga oʻtgan taqdirda merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma tegishli davlat organiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga beriladi.