Notariat toʻgʻrisida 60-modda. Qonun boʻyicha merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berishning shartlari

Notarius qonun boʻyicha merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berish chogʻida tegishli dalillarni talab qilib olish yoʻli bilan meros qoldiruvchining vafot etganligini, meros ochilgan joy va vaqtni, merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berishni soʻrab ariza topshirgan shaxslarning meros qoldiruvchi bilan qonun boʻyicha vorislikka chaqirish uchun asos boʻladigan munosabatlari mavjudligi yoki mavjud emasligini, meros mol-mulkning tarkibi va joyini tekshirib koʻradi. Agar qonun boʻyicha merosxoʻrlarning biri yoki bir nechasi vorislikka chaqirishga asos boʻladigan munosabatlar mavjudligini isbotlaydigan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatiga ega boʻlmasa, ular merosni qabul qilib olgan va tegishli isbotlarni taqdim etgan boshqa barcha merosxoʻrlarning yozma roziligi bilan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomaga kiritilishi mumkin.