Notariat toʻgʻrisida 8-1-modda. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius

Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius yuridik shaxs tashkil etmagan holda oʻz idorasiga ega boʻlishga, bank hisobvaragʻi va boshqa shaxsiy hisobvaraqlar ochishga, mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻlishga hamda majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishga, xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishga, sudda oʻz nomidan ishtirok etishga hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqli. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusni hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi va adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning idorasi tugatilganda kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan soʻng qolgan mol-mulk notariusning tasarrufida qoladi va unga soliq solinmaydi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial idoraning xodimlarini lavozimga tayinlashda va lavozimidan ozod qilishda mustaqildir, bundan ushbu Qonunning 2¹ va 2²-moddalarida koʻrsatilgan hollar mustasno. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius idorasining nomida “xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius” degan soʻzlar boʻlishi va tegishli tuman, shahar koʻrsatilishi kerak.