Notariat toʻgʻrisida 85-modda. Dengiz protestlari haqidagi ariza

Notarius kema egasining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun dalil-isbotlarni taʼminlash maqsadida kema kapitanining kema suzib borayotganda yoki u toʻxtab turgan joyda sodir boʻlgan hamda kema egasining oldiga mulkiy talablar qoʻyish uchun asos boʻlishi mumkin boʻlgan hodisa toʻgʻrisidagi arizasini qabul qiladi. Dengiz protesti haqidagi arizada yuz bergan hodisa tafsilotlari va kapitanning oʻziga ishonib topshirilgan mulkning but saqlanishini taʼminlash yuzasidan koʻrgan chora-tadbirlari bayon etilgan boʻlishi kerak. Dengiz protesti toʻgʻrisidagi arizada bayon etilgan holatlarning tasdigʻi sifatida kema kapitani ariza bilan bir vaqtda yoki kema portga kirgan kundan boshlab, agar hodisa portda yuz bergan boʻlsa, u yuz berganidan soʻng yetti kundan kechiktirmay notariusga koʻzdan kechirish uchun kema daftarini va kema daftaridan olinib kapitan tomonidan tasdiqlangan koʻchirmani taqdim etishi shart.