Vasiylik va homiylik organlari yetim bolalarni va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlaydi, bunday bolalarni hisobga oladi va yetim qolishning yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlishning har bir holatiga qarab, bolalarni muqobil joylashtirish shakllarini tanlaydi, shuningdek bundan buyon ularga taʼminot berish, ularni tarbiyalash va ularga taʼlim berish shart-sharoitlarini nazorat qilib boradi. Vasiylik va homiylik organidan tashqari boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning yetim bolalarni va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash va muqobil joylashtirish boʻyicha faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Tashkilotlarning (ichki ishlar organlarining, sudlarning, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining, sogʻliqni saqlash muassasalarining, taʼlim tashkilotlarining va boshqa muassasalarning), fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mansabdor shaxslari, notariuslar va boshqa fuqarolar bolalar yetim qolganligidan yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganligidan xabardor boʻlgach, yigirma toʻrt soat ichida bu haqda bolalar haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga xabar berishi shart. Vasiylik va homiylik organi bunday maʼlumotlarni olgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida bolaning turmush sharoitini tekshirib chiqishi (birlamchi baholash) va bunda bolaning yetim qolganligi yoxud ota-ona yoki qarindoshlari qaramogʻidan mahrum boʻlganligi aniqlansa, uni muqobil joylashtirish masalasi hal boʻlguniga qadar bolaning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashi shart. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaganlik, shuningdek bunday bolalarni muqobil joylashtirishda qonunchilik talablarini buzganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan muassasalarning rahbarlari va organlarning mansabdor shaxslari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.