Oila kodeksi 169-modda. Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari

Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar: oʻz zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan boʻlsalar; ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilayotgan boʻlsalar; farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlsalar; muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsalar bekor qilinishi lozim. Farzandlikka olinuvchining xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf solayotgan boʻlsa, farzandlikka olinuvchi voyaga yetganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi. Sud boshqa asoslarga koʻra ham bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqib, uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir.