Oila kodeksi 172-modda. Farzandlikka olishni bekor qilish oqibatlari

Farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olinuvchi bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilarning qarindoshlari) oʻzaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) oʻrtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi. Farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi. Bolaning ota-onasi yoʻq boʻlsa, shuningdek bolani ota-onasiga berish uning eng ustun manfaatlariga zid boʻlsa, u vasiylik va homiylik organlari qaramogʻiga beriladi. Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olinuvchining familiyasi, ismi va ota ismini saqlash-saqlanmasligi koʻrsatilishi kerak. Oʻn yoshga toʻlgan bolaning familiyasi, ismi va ota ismi faqat uning roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.