Oila kodeksi 195-modda. Bolalarni tutingan (foster) oilaga olish toʻgʻrisidagi shartnoma

Bolalarni tutingan (foster) oilaga olish toʻgʻrisidagi shartnoma vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-ona oʻrtasida tuziladi. Bolalarni tutingan (foster) oilaga olish toʻgʻrisidagi shartnomada bolalarni taʼminlash, tarbiyalash va ularga taʼlim berish, tarbiyaga olgan tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining bolalarni tarbiyaga olgan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek bunday shartnomani bekor qilish asoslari va oqibatlari koʻrsatilishi kerak. Shartnoma tuzilishidan oldin bolani tarbiyaga olayotgan shaxsning turmush shart-sharoitlari va oila aʼzolarining sogʻligʻi tekshiriladi. Bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olgan shaxslarga oilaga tarbiyaga olingan bolaning taʼminoti uchun har oyda nafaqa, shuningdek kiyim-bosh va poyabzal olish uchun har yili bir martalik toʻlov qonunchilikda belgilangan miqdorda toʻlab boriladi. Bolalarga oilaga yaqin muhitda gʻamxoʻrlik koʻrsatishning boshqa shaklida har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari hamda parvarish qilinishi uchun tutingan ota-onaga toʻlanadigan mablagʻlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq toʻlanadi.