Oila kodeksi 40-modda. Nikohdan sud tartibida ajratish

Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlar sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida daʼvo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Sud ishning koʻrilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Sud er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlab, ishning koʻrilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan boʻlsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini er-xotinni yarashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak. Sud oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga koʻra yarashish uchun muhlat tayinlamaydi.