Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 16-band. Badanga qasddan ogʻir, oʻrtacha ogʻir, sogʻliqni uncha uzoq boʻlmagan muddatga…

Badanga qasddan ogʻir, oʻrtacha ogʻir, sogʻliqni uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqotilishiga sabab boʻlgan qasddan badanga yengil shikast yetkazgan bir guruh shaxslarning harakatlari, oldindan til biriktirilgan yoki biriktirilmaganligidan qatʼiy nazar, tegishlicha, JK 104-moddasi ikkinchi qismining “k” bandi, 105-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi, 109-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda badanga qasddan ogʻir, oʻrtacha ogʻir, sogʻliqni uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqotilishiga sabab boʻlgan qasddan badanga yengil shikast bir guruh shaxslar tomonidan yetkazilgan deb topish uchun ikki va undan ortiq shaxs bunday shikast yetkazish maqsadida birgalikda harakat qilib, uni sodir etishda ham ijrochi sifatida qatnashgan boʻlishi kerak. Biroq, badanga shikast ulardan har biri tomonidan yetkazilgan boʻlishi shart emas (masalan, guruh ishtirokchilaridan biri jabrlanuvchining qarshiligini bostirsa, ayni paytda boshqasi unga jarohat yetkazadi). Badanga ogʻir, oʻrtacha ogʻir, sogʻliqni uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqotilishiga sabab boʻlgan qasddan badanga yengil shikast yetkazishga qaratilgan harakatlar bir shaxs tomonidan sodir etilish jarayonida unga boshqa shaxslar shu maqsadda kelib qoʻshilganda ham bunday jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan deb topilishi kerak. Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsning badaniga sogʻliqni uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqotilishiga sabab boʻlgan qasddan badanga yengil, oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazish jinoyati maxsus subyektli jinoyat boʻlganligi uchun jinoyat sodir etishda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlari JKning 28 va 126¹-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.