Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 22-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, agar aybdor qoʻllagan zoʻrlik jabrlanuvchini…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, agar aybdor qoʻllagan zoʻrlik jabrlanuvchini doʻpposlash, uning badaniga yengil yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazishga sabab boʻlsa, jabrlanuvchi badaniga ogʻir shikast (yoki jabrlanuvchining oʻlimi) aybdorning aybi bilan qamrab olinmagan holatlar boʻyicha (masalan, zarbadan soʻng yiqilish natijasida) kelib chiqqan boʻlsa, aybdor oqibatiga koʻzi yetmagan, biroq koʻzi yetishi shart va mumkin boʻlgan yoxud koʻzi yetsada, yetarli asoslarsiz uning oldini olishni moʻljallab qilgan harakatlari natijasida kelib chiqqan oqibatlar JK 111 yoki 102-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi. Bunday paytda badanga qasddan yetkazilgan shikastlar alohida yuridik baholanishi lozim. Bunday harakatlarda jinoiy jazoga sazovor qilmish belgilari mavjud boʻlsa javobgarlik jinoyatlar majmui boʻyicha kelib chiqadi. Agar zoʻrlik oqibatida qasddan badanga ogʻir shikast yetkazilgan boʻlib, jabrlanuvchining aybdor ehtiyotsizlik shaklida subyektiv munosabat bildirgan oʻlimi olingan jarohatlar, masalan, yiqilish oqibatida kelib chiqqan boʻlsa, qilmish qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish va ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish jinoyatlari majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi.