Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 25-band. Aybdorning harakatlarini JK 110-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun doʻpposlash…

Aybdorning harakatlarini JK 110-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun doʻpposlash yoki qiynash xususiyatiga ega boʻlgan boshqa harakatlar qasddan, muttasil, yaʼni jabrlanuvchiga jismoniy yoki ruhiy azob berish maqsadida yagona qasd bilan qamrab olingan va kamida uch marta sodir etilganligi aniqlanishi lozim. Qiynash jarayonida badanga yengil shikast yetkazish (u sogʻliqning yomonlashuviga olib kelgan-kelmaganligidan qatʼi nazar) JK 110-moddasi bilan qamrab olinadi va JK 109-modda , 126¹-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi. Agar qiynash jarayonida badanga ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilgan boʻlsa qilmishni, bunday jarohat yetkazishga nisbatan qasd mavjud boʻlgan taqdirda, JK 104 , 105 yoki 126¹-moddasi toʻrtinchi — sakkizinchi qismlari bilan kvalifikatsiya qilish lozim boʻlib, uni JK 110-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.