Sudlarga tushuntirilsinki, JK 104 , 105 , 109-moddalari birinchi qismlarida qayd etilgan badanga yetkaziladigan turli darajadagi shikast belgilari doirasi qatʼiydir. Bunda badanga yetkazilgan shikast muayyan darajadagi ogʻirlikka taalluqliligini eʼtirof etish uchun ulardan bittasi yetarli boʻladi. Agar badanga yetkazilgan shikast ogʻir, oʻrtacha ogʻir yoki yengil xususiyatga ega ekanligini koʻrsatuvchi bir necha belgi mavjudligi aniqlansa, shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda hamda sud hukmida ularning barchasi bayon etilishi shart. Aybdorning qasddan qilgan harakatlari oqibatida jabrlanuvchi badaniga ogʻir shikastdan tashqari boshqa ogʻirlik darajasidagi shikast yetkazilgan hollarda, qilmishni Jinoyat kodeksining badanga yengilroq darajada shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.