Badanga qasddan yetkazilgan ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikastni oʻta shafqatsizlik bilan yetkazilgan deb tegishlicha JK 104-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi , 105-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi , 126¹-moddasi beshinchi qismining “v” bandi , 126¹-moddasi yettinchi qismining “v” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilish uchun aybdorda jabrlanuvchiga bunday shikastni alohida jismoniy yoki ruhiy azob beruvchi usulda yetkazishga nisbatan qasd mavjud boʻlganligini aniqlash lozim. Oʻta shafqatsizlik, jumladan badanga ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazishga sabab boʻlgan azoblash va qiynashda namoyon boʻladi. Bunda azoblash deganda, uzoq vaqt ovqat, suv yoki issiqlikdan mahrum qilish kabi xoʻrlovchi harakatlar, yoxud insonni sogʻliq uchun ziyon yetkazuvchi sharoitga solish yoki unda qoldirish va h.k. tushunilishi lozim. Qiynash deganda, koʻp marta yoki uzoq vaqt davomida ogʻriq yetkazuvchi, jumladan, muttasil doʻpposlash, chimchilash, kesish, oʻtmas yoki oʻtkir-sanchiluvchi (kesuvchi) predmetlar bilan koʻp sonli, biroq chuqur boʻlmagan jarohatlar yetkazish, elektr yoki termik omillar orqali taʼsir koʻrsatish va h.k. bilan bogʻliq harakatlar tushunilishi lozim. Badanga qasddan ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish usulini oʻta shafqatsizlik xususiyatiga ega deb topish masalasini hal qilish sud-tibbiyot ekspertining emas, tergov organlari va sudlar vakolatiga taalluqli. Jabrlanuvchi uchun yaqin shaxslar koʻz oʻngida uning badaniga qasddan ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish holati ham basharti bunda aybdor oʻz harakatlari bilan ularga alohida azob berayotganligini anglagan boʻlsa, aybdor tomonidan namoyon etilgan oʻta shafqatsizlik ifodasi sifatida baholanishi lozim. Jabrlanuvchi uchun yaqin shaxslar toifasiga uning yaqin qarindoshlari bilan bir qatorda, u bilan alohida doʻstlik munosabatlarida boʻlgan shaxslar ham kiritilishi mumkin.