Surishtiruv va dastlabki tergov organlari shaxsni ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda, ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasida, sud esa ayblov hukmida aynan qaysi belgilariga koʻra aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksi 277-moddasining tegishli qismi va bandlari bilan kvalifikatsiya qilinganligini koʻrsatishi shart. Agar sud, sudlanuvchi zimmasiga ilgari qoʻyilgan ayblov bilan bogʻliq boshqa ayblovni qoʻyish uchun yoxud ayblovni ogʻirroq ayblov bilan yoki haqiqiy holatlarga koʻra ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasida nazarda tutilganidan jiddiy farq qiladigan ayblov bilan almashtirish, boshqa shaxsni ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslar mavjud degan fikrga kelsa, Jinoyat-protsessual kodeksining 416 va 417-moddalariga muvofiq qaror qabul qiladi.