Bezorilikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 4-band. Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilish…

Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik zamirida sovuq qurol yoki shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalarni namoyish qilish (koʻrsatish)ning oʻzi yetarlidir. Bunda ularni qoʻllashga nisbatan tahdid boʻlgan-boʻlmaganligining ahamiyati yoʻq, biroq bu holat sud tomonidan jazo tayinlash paytida hisobga olinishi kerak. Sovuq qurol yoki shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalarni qoʻllash deganda, aybdorning ular vositasida bezorilik harakatlari davomida jabrlanuvchiga nisbatan tan jarohati yetkazgan yoki yetkazishga harakat qilgan hollar tushunilishi lozim. Sudlar jinoyat qurolini sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan ashyo deb topishda Oʻzbekiston Respublikasining “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunida bayon etilgan tushunchalarga amal qilishlari lozim. Zarur hollarda ushbu masala boʻyicha qaror qabul qilish uchun sud-kriminalistik ekspertizasi tayinlanishi mumkin. Shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalar turkumiga aybdor tomonidan oʻsha maqsadlarda foydalanilgan har qanday narsalar kiradi.