Aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “d” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik harakatlari yosh bolani, qariyani, nogironligi boʻlgan yoki ojiz ahvoldagi boshqa shaxslarni xoʻrlash shaklida sodir etilgan boʻlishi kerak. Xoʻrlash deganda, shaxsga jismoniy jihatdan azob berish yoki uni qiynash tushuniladi. Qonun mazmuniga koʻra, yosh bola deganda 14 yoshga toʻlmagan shaxs, qariya deganda 55 yoshdan oshgan ayol va 60 yoshdan oshgan erkak, nogiron deganda esa, belgilangan tartibda I, II, III guruh nogironi yoki bolalikdan nogiron sifatida tan olingan shaxs tushuniladi. Ojiz ahvol deganda, jabrlanuvchining shunday ahvoli tushunilishi kerakki, bunday paytda u oʻzining fiziologik, jismoniy yoki ruhiy holati (jismoniy nuqsoni, ruhiyati buzilganligi, qattiq ogʻriq yoki behushlik holati, alkogol, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalar taʼsirida oʻta mastlik holati)ga koʻra oʻzini oʻzi himoya qilish, aybdorga faol qarshilik koʻrsatish yoki oʻziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlar xususiyati va mohiyatini tushunish yoki oʻz harakatlarini boshqarish imkoniyatiga ega boʻlmaydi. Ojizlik, jabrlanuvchining jismoniy yoki ruhiy nosogʻlomligi tufayli jinoyatchiga qarshilik koʻrsata olmasligida, oʻz huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmatini himoya eta olmasligida, shuningdek kutilayotgan xavfdan saqlana olmasligida namoyon boʻladi. Jinoiy harakatni ushbu band bilan kvalifikatsiya qilish uchun aybdor shaxs jabrlanuvchining yosh bolaligi, qariyaligi, nogironligi yoki ojiz ahvolda ekanligini anglab yetgan boʻlishi talab etiladi.