Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 5-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi mazmuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi (bundan buyon matnda bojxona chegarasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi bilan ustma-ust tushadi. Oʻzbekiston Respublikasining quruqlikdagi hududi, hududiy va ichki suvlari hamda ular ustidagi havo hududi Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin bojxona zonalari va erkin omborlar boʻlishi mumkin, ularning hududlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb qaraladi. Bunda ularga joylashtirilgan tovarlar bojxona toʻlovlarini toʻlash maqsadida, shuningdek iqtisodiy siyosat choralarini qoʻllash uchun bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb qaraladi.