Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat bojxona chegarasini buzib oʻtish yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxsning harakatlari JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda buzib oʻtish deganda, bojxona postiga hujum qilish, bojxona chegarasini har qanday texnikaviy vositalar yoki boshqa xil usullar bilan bojxona rejimi talablariga ochiqdan-ochiq boʻysunmaslik yoki boshqa har qanday yoʻl bilan bojxona chegarasini kesib oʻtishda ifodalangan harakatlar tushunilishi lozim. Agar bojxona chegarasini buzib oʻtish paytida aybdor tomonidan biror-bir shaxsning badaniga qasddan ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilgan yoki u qasddan oʻldirilgan yoki biror-bir tarzda mulkiy ziyon yetkazilgan boʻlsa, qilmish JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi va tegishlicha JK 97 , 104 , 105 , 173-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday holatlarda qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish, shuningdek xizmat vazifasini bajarayotgan xodimning qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik koʻrsatish, oʻzining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga majbur qilinganida JK 182-moddasining ikkinchi qismi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va tegishlicha JK 109 va 219-moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.