Tovarlarni deklaratsiya qilmasdan bojxona chegarasidan oʻtkazish tovarlarni olib kirish yoki olib chiqish (chiqarish), ularni tanlangan bojxona rejimi ostiga joylashtirish, bojxona toʻlovlarini hisoblash va undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan tovarlar haqidagi maʼlumotlarni bojxona deklaratsiyasida bayon qilmaslikni yoxud deklaratsiyalanishi shart boʻlgan tovarlarni “yashil” yoʻlak orqali olib oʻtishni nazarda tutadi. Boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib tovarlarni bojxona chegarasidan oʻtkazish deganda, bojxona deklaratsiyasida yoki deklaratsiyalashning boshqa belgilangan shaklida tovarlar (nomlanishi, sifati va xususiyatlarini oʻzida aks ettiruvchi maʼlumotlar) toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumotlarni aks ettirish tushuniladi. Tushuntirilsinki, bojxona organi tomonidan bojxona deklaratsiyasini tekshirish, tovarlarni koʻzdan kechirish va bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlar notoʻgʻriligi aniqlangunga qadar bojxona deklaratsiyasida yoʻl qoʻyilgan xatolarning deklarant tomonidan mustaqil tuzatilishi maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikni istisno etadi. Bojxona deklaratsiyasi va bojxona maqsadlari uchun zarur boshqa hujjatlar berilguniga qadar tovarlarni bojxona nazorati ostida koʻzdan kechirish hamda oʻlchash, ularning namunalari va nusxalarini olish huquqi (BK 275-moddasi )dan deklarantning foydalanmaganligi uning javobgarligini istisno etmaydi.