Sud ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi masalani ota yoki ona ota-onalik huquqidan sudning fuqarolik yoki jinoyat ishi boʻyicha chiqargan qaroriga binoan mahrum qilinganligiga qaramasdan, fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etadi. Ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvo ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslar yoki prokuror tomonidan bola kimning qaramogʻida ekanligiga qarab, ota yoki onaning ikkinchisiga yoinki vasiyga (homiyga) yoki bolalar muassasasiga nisbatan qoʻzgʻatiladi. Bunday ishlar sudlar tomonidan vasiylik va homiylik organlari vakillarining va prokurorning ishtirokida koʻrilishi lozim. Ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvo bilan birgalikda shu shaxsning bolani unga berish toʻgʻrisidagi daʼvosi ham koʻrilishi mumkin. Agar ota-onalik huquqining tiklanishi bola manfaatlariga zid boʻlsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvosini qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir. Oʻn yoshga toʻlgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarorining nusxasi sudlar tomonidan vasiylik va homiylik organlariga va bolaning tugʻilganligi qayd qilingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborilishi kerak.