Bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlgan suddagi barcha nizolarni koʻrishda ularning himoyasi yuzasidan kim tomonidan daʼvo qoʻzgʻatilganligidan qatʼi nazar ishda ishtirok etish uchun tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari jalb qilinishi lozim. Qayd etilgan organ daʼvo taqdim qilmagan boʻlsa, u sud tomonidan davlat boshqaruv organi sifatida oʻziga yuklatilgan majburiyatlarini bajarish maqsadida xulosa berish uchun protsessda ishtirok etishga jalb qilinadi (Oila kodeksining 88-moddasi). Tuman (shahar) lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining, daʼvo talablarining mohiyati boʻyicha xulosasini sud boshqa ish materiallari bilan birgalikda baholaydi. Bu xulosa bilan kelishmaganlik sud tomonidan ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorida asoslantirilgan boʻlishi lozim.