Bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal qilishni taʼminlash maqsadida, sudlar, muayyan nizoning xususiyatlarini eʼtiborga olib, ularni koʻrishga puxta tayyorlashlari kerak. Bolalarning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasini, maktabdan tavsifnomani, notinch oilaning nazorat qilinganligi toʻgʻrisidagi materiallarni, vasiylik va homiylik organlarining asoslantirilgan xulosasini, shuningdek bolalarning tarbiyalanish sharoitlarini va ota-onani taʼriflovchi hujjatlarni talab qilib olish lozim. Bu ishlar faqat tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridan bolaning yashash sharoitlari tekshirilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma va unga asoslangan xulosa olingandan soʻng koʻrilishi mumkin.