Oila kodeksining 76-moddasiga binoan bolasidan alohida turadigan ota yoki ona bolasi bilan koʻrishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va taʼlim olish masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega. Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida yozma ravishda kelishuv tuzishga, shu jumladan, nizoni ota-onaning (yoki ulardan birining) talabiga binoan sudga murojaat qilinguniga qadar mediatsiya tartib-taomilini oʻtkazish orqali hal qilishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasa, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudlarning eʼtibori taraflar sud protsessining har qanday bosqichida ishni kelishuv bitimi yoki birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun kirguniga qadar mediativ kelishuv tuzish orqali tugatishga haqli ekanliklariga qaratilsin. Sud alohida turadigan ota yoki onaning bolasini tarbiyalashda ishtirok etish tartibini belgilaydi va bola bilan birga turadigan ota yoki onaga bunga qarshilik koʻrsatmaslik majburiyatini yuklaydi. Sud mazkur turkumdagi ishlarni sudda koʻrishga tayyorlash, nizoni hal qilishda ahamiyatga ega va taraflar tomonidan isbotlanishi lozim boʻlgan holatlarni aniqlashi kerak, bunda asosiy eʼtiborni aynan bolaning ota-onasi yoxud boshqa tarbiyalaydigan shaxslarning shaxsiy xususiyatlariga, shuningdek bola bilan shu shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga qaratish kerak. Bunday ishlar, farzandni tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxslarning vasiylik va homiylik organi tomonidan tegishli tartibda tuzilgan va tasdiqlangan turmush sharoitlarini tekshirish xulosalarini olgandan soʻng koʻrishga tayinlanadi. Sud mazkur masala yuzasidan nizoni mazmunan koʻrayotganda ota-onaning huquqlari tengligi tamoyili va bola manfaatlarida turli xil holatlarni inobatga oladi. Zaruratga qarab, sud tomonidan sud-psixologik ekspertizasi tayinlanishi lozim, bunda