Davlat pensiya taʼminoti bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 15-band. 1992-yil 13-martdagi “ Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat ishtirokchilarining…

1992-yil 13-martdagi “ Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat ishtirokchilarining fuqarolarini pensiya taʼminoti sohasidagi huquqlari kafolatlari toʻgʻrisidagi Kelishuv ” 6-moddasining 2-bandiga muvofiq mazkur Kelishuv kuchga kirgunga qadar fuqaroning barcha davlat ishtirokchilarining hududidagi ish davri Qonunning 37-moddasi talablarini qoʻllamagan holda ish stajiga qoʻshiladi. Chet elda yollangan holda ishlagan davrni ish stajiga qoʻshmaslik bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda, sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablarini qoʻllashlari talab etiladi. Sudlarga tushuntirilsinki, mehnat shartnomasi (kontrakti) asosida, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi yoki fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi mintaqaviy Byurolardan chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsatnoma olgan chet elda yollangan holda ishlovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan xorijiy davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) savdo uylari, vakolatxonalar (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmagan holda), tashkilotlarda ishlovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs hisoblanadi.