Fuqarolik protsessual kodeksi 295-moddasi ikkinchi qismining 6-bandiga muvofiq, sud shaxsning huquqni vujudga keltiruvchi hujjatlarda (jamoat birlashmalariga aʼzolik biletlari, harbiy hujjatlar, pasportlar, fuqarolik holati aktlarini qayd etish organlari beradigan guvohnomalardan tashqari) koʻrsatilgan ismi, otasining ismi va familiyasi uning pasportidagi yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasidagi ismi, otasining ismi va familiyasi bilan mos kelmagan taqdirda, mazkur hujjatlarning unga tegishliligi yoki tegishli emasligi faktini belgilaydi. Shunga koʻra, sudlar ish stajini tasdiqlovchi hujjatni tegishliligi faktini belgilashda ushbu faktni sudsiz tartibda tasdiqlash imkoni mavjud boʻlmagan hollardagina tasdiqlash mumkinligiga eʼtibor qaratishi lozim.