Davlat pensiya taʼminoti bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 30-band. Sudlarning eʼtibori hal qiluv qarorining xulosa qismi uni ijro etish vaqtida savollar…

Sudlarning eʼtibori hal qiluv qarorining xulosa qismi uni ijro etish vaqtida savollar keltirib chiqarmasligi uchun aniq va tushunarli qilib bayon etilishi lozimligiga qaratilsin. Shu maqsadda daʼvogarning talabi qanoatlantirilgan hal qiluv qarorining xulosa qismida xususan qanday talablar qanoatlantirilganligi, daʼvogarning buzilgan huquqlarini tiklash uchun javobgar zimmasiga qanday majburiyat yuklatilayotganligi (masalan, daʼvogarning muayyan ish davrini muddatidan ilgari yoshga doir pensiya belgilash huquqini beradigan maxsus ish stajiga qoʻshish majburiyatini yuklash, javobgardan toʻlanmagan pensiya summasini undirish), shuningdek, sud, agar budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya tayinlashni asossiz ravishda rad etganligi haqida xulosaga kelganda javobgar zimmasiga qaysi vaqtdan pensiya tayinlashga majburligi koʻrsatilishi lozim. Nazarda tutish lozimki, agar daʼvogar qonunda belgilangan tartibda Pensiya jamgʻarmasiga pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilgan boʻlib, unga asossiz rad berilgan boʻlsa, sud budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga daʼvogar Pensiya jamgʻarmasiga ariza bilan murojaat qilgan kundan boshlab pensiya tayinlash majburiyatini yuklashi mumkin.