Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 2-band. Tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi…

Tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining “ Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida ”gi, “ Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida ”gi, “ Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida ”gi, “ Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida ”gi, “ Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida ”gi qonunlari, yer, suv, yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shuningdek, boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bunda “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi ifloslanishdan, buzilishdan, zararlanishdan, oriqlab ketishdan, vayron boʻlishdan, yoʻq boʻlib ketishdan, oqilona foydalanmaslikdan muhofaza etilishini nazarda tutmoq lozim. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar jumlasiga davlat qoʻriqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat bogʻlari, davlat tabiat yodgorliklari, ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror koʻpaytirish va tiklash uchun moʻljallangan hududlar, muhofaza etiladigan landshaftlar, ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun moʻljallangan hududlar, davlat biosfera rezervatlari, milliy bogʻlar, botanika bogʻlari, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlar kiradi.