Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 6-band. Maxsus bilimlarni talab qiluvchi masalalarni toʻgʻri hal qilish maqsadida sudlar tegishli…

Maxsus bilimlarni talab qiluvchi masalalarni toʻgʻri hal qilish maqsadida sudlar tegishli ekspertizalarni gidrometeorologlar, sanitariya-epidemiya xizmati xodimlari, zoologlar, ixtiolloglar, botaniklar, ovshunos, oʻrmonshunos, tuproqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda tayinlashlari kerak. Bunda ekologiya ekspertizasi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning majburiy chorasi hisoblanishini va uni oʻtkazish “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 24, 25-moddalarida belgilanganligini eʼtiborga olmoq zarur. Oʻzbekiston Respublikasi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladi. Tushuntirilsinki, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasiga binoan jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi jamoat birlashmalarining tashabbusiga koʻra ularning mablagʻlari hisobidan yoki jamoatchilik asosida mutaxassislarning mustaqil guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasining xulosalari tavsiya tamoyiliga ega boʻladi. 6¹. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashda surishtiruv va dastlabki tergov organlari, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar hamda sudlar ekologiya organining qonun hujjatlariga asoslangan (koeffitsiyent, barobar va boshqa qoidalar qoʻllanilgan holda) xulosasidan kelib chiqishlari lozim.