Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 17-band. Firibgarlik yoʻli bilan korxona, muassasa, tashkilotlar, mulkini talon-toroj qilish uchun…

Firibgarlik yoʻli bilan korxona, muassasa, tashkilotlar, mulkini talon-toroj qilish uchun jinoiy javobgarligi, faqat, talon-toroj qilingan mulk summasi MJtK 61-moddasi uchinchi qismida koʻrsatilgan miqdordan oshgan holdagina kelib chiqadi (jumladan kvalifikatsiyalovchi belgilar mavjud boʻlganda ham). Agar korxona, muassasa, tashkilotlarning firibgarlik yoʻli bilan talon-toroj qilingan mulki summasi bazaviy hisoblash miqdorining MJtK 61-moddasi uchinchi qismida koʻrsatilgan miqdoridan oshmasa, maʼmuriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud boʻladi. Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda ham, agar talon-toroj summasi koʻrsatilgan miqdordan oshmasa, maʼmuriy javobgarlik kelib chiqadi. Bunda oz miqdorda talon-toroj necha marta sodir etilganligi ahamiyat kasb etmaydi. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, MJtK 61-moddasi beshinchi qismiga muvofiq ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan korxona, muassasa, tashkilotlar xodimlari ularning mol-mulkini firibgarlik yoʻli bilan oz miqdorda talon-toroj qilganda, faqat ularning rahbari, mulkdori yoki vakolatli boshqaruv organining arizasiga koʻra javobgarlikka tortilishi mumkin.