Aybdorning harakatlarida ancha, koʻp yoki juda koʻp miqdorda firibgarlik sodir etilishi kabi kvalifikatsiyalovchi belgi mavjudligi toʻgʻrisidagi masala JK sakkizinchi boʻlimida bayon etilgan tushuntirishlarga muvofiq hal etilishi lozim. Bir necha epizoddan iborat umumiy qasd va yagona maqsadga yoʻnaltirilgan davomli firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda sudlar talon-toroj miqdorini jami talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlashlari kerak. Agar aybdor tomonidan bir emas, balki bir necha firibgarlik harakatlari sodir etilib, ularning har birida oʻzganing mulkini olishga yoʻnaltirilgan mustaqil qasd amalga oshirilgan boʻlsa, talon-toroj qilingan mulk qiymatini qoʻshib hisoblashga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar shaxsning qasdi oʻzganing mulkini ancha, koʻp yoki juda koʻp miqdorda egallashga yoʻnaltirilgan boʻlib, u aybdorga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra oxiriga yetkazilmagan boʻlsa, qilmish haqiqatda talon-toroj qilingan mulk qiymatidan qatʼiy nazar, qasd yoʻnaltirilganligidan kelib chiqib, ancha, koʻp yoki juda koʻp miqdordagi firibgarlikka suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.