Fuqarolik ishlari boʻyicha ekspertiza tayinlash, oʻtkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida 14-band. Taqdim etilayotgan materiallar toʻliq boʻlmagan taqdirda, ekspert ekspertiza tayinlagan…

Taqdim etilayotgan materiallar toʻliq boʻlmagan taqdirda, ekspert ekspertiza tayinlagan sudga qoʻshimcha materiallar taqdim qilinishi haqida ekspertiza muassasasi rahbari (uning tarkibiy boʻlinmasining rahbari) orqali yozma ravishda iltimosnoma yuborishga haqli. Qoʻshimcha materiallar bir oy ichida taqdim qilinmagan taqdirda, ekspert mavjud materiallar asosida tekshiruv oʻtkazadi. Birorta ham masalani hal qilish imkoni boʻlmasa, bu haqida ekspert dalolatnoma tuzadi. Shu bilan birga FPK 59-moddasining ikkinchi qismi mazmunidan kelib chiqqan holda ekspert qoʻyilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin boʻlmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni toʻldirib boʻlmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qoʻyilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch. hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan sudga yuboradi.