Fuqarolik ishlari boʻyicha ekspertiza tayinlash, oʻtkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida 20-band. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi FPK 98-moddasiga koʻra, ekspert…

Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi FPK 98-moddasiga koʻra, ekspert xulosasi yetarlicha tushunarli boʻlmaganda sud ekspertni chaqirish yoʻli bilan xulosasini ogʻzaki tushuntirib berishni taklif qilish huquqiga ega va bu sud majlisi bayonnomasiga kiritilib, oʻqib beriladi hamda ekspert tomonidan imzolanadi. Sudga faqat xulosa bergan ekspert chaqirilishi va bergan xulosasi doirasida soʻroq qilinishi mumkin. Agar sudda tugʻilgan qoʻshimcha savollarga javob olish uchun tadqiqotlar oʻtkazish zarur boʻlsa, qoʻshimcha ekspertiza tayinlash masalasi muhokama qilinishi lozim. Sudning chaqiruvi boʻyicha kelish va oʻz oldiga qoʻyilgan masalalar yuzasidan xolis xulosa berish ekspertning majburiyati ekanligidan kelib chiqqan holda ekspert zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari toʻgʻrisidagi protsessual qonun talablariga ogʻishmay rioya qilish, shuningdek bila turib yolgʻon xulosa berganlik, sud uzrsiz deb topgan sababga koʻra xulosa berishdan bosh tortganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238 va 240-moddalari asosida javobgar boʻlishi toʻgʻrisida ogohlantirilishi lozimligiga qaratilsin.