Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida 10-band. Sudga ariza davlat boji toʻlovisiz kelib tushganda, sudya arizachi qonun bilan uni…

Sudga ariza davlat boji toʻlovisiz kelib tushganda, sudya arizachi qonun bilan uni toʻlashdan ozod qilingan-qilinmaganligini tekshirishi shart. Fuqarolik ishlari boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilingan jismoniy va yuridik shaxslar roʻyxati “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 8-moddasining birinchi qismida belgilangan. Bunda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasiga koʻra, 2020-yil 1-yanvarga qadar qabul qilingan boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan davlat bojini toʻlashdan ozod qilish ushbu hujjatlarning amal qilish muddati tugaguniga qadar kuchda qolishi inobatga olinishi lozim. Agar arizachi qonun yoki boshqa qonunchilik hujjatlariga koʻra davlat bojini toʻlashdan ozod qilinmagan va arizada uni toʻlashni kechiktirish, kamaytirish, boʻlib-boʻlib toʻlash haqida iltimosnoma mavjud boʻlmasa, shuningdek pochta xarajatlari toʻlanmagan boʻlsa, sudya arizani qaytarish haqida ajrim chiqaradi (FPK 195-moddasi birinchi qismining 7-bandi). Ajrimda toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji, pochta xarajatlari summasi koʻrsatilishi va ushbu kamchilik bartaraf qilinganidan soʻng takroran murojaat qilish imkoniyati mavjudligi tushuntirilishi lozim. FPK 133-moddasining ikkinchi qismi va 193-moddasiga muvofiq, sudya fuqarolik ishini qoʻzgʻatish bosqichida arizachining iltimosnomasi boʻyicha uning mulkiy ahvoliga qarab davlat bojini toʻlashni kechiktirishga, boʻlib-boʻlib toʻlashga yoki miqdorini kamaytirishga haqli boʻlib, bu haqda arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqidagi ajrimida yoxud arizachining iltimosnomasini qanoatlantirish haqidagi alohida ajrimda koʻrsatadi. Iltimosnoma rad qilinganda, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar sudyaning ajrimi bilan arizachiga qaytariladi.