Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, FPK 123-moddasining ikkinchi qismi talablariga muvofiq, sud FPK 122-moddasining 1, 3, 4 va 10³-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha arizani koʻrmasdan qoldirganda, davlat bojini qaytarish masalasini hal qilishi va bu haqda ajrimda koʻrsatishi lozim. Bundan tashqari, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 18-moddasi birinchi qismining 5, 10, 11, 13 va 14-bandlari talablariga muvofiq, quyidagi hollarda ham davlat boji toʻliq yoki qisman qaytariladi: agar ish sudga taalluqli boʻlmasa, ishni yuritish tugatilganda, bundan ish taalluqliligiga koʻra boshqa sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkazilgan hollar mustasno; ishda ishtirok etgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa; agar ishda ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa; daʼvogar nizoni sudga qadar hal etish (eʼtiroz bildirish) tartibiga rioya etmaganda, agar bu hol qonunda ushbu toifadagi nizolar uchun yoki taraflarning shartnomasida nazarda tutilgan hamda bunday hal etish imkoniyati boy berilgan boʻlsa; sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etilganda. Sud, FPKning tegishli moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha arizani koʻrmasdan qoldirganda yoki ish yuritishni tugatganda, davlat bojini qaytarish haqida ham oʻz ajrimida koʻrsatishi lozim. Shu bilan birga, ariza FPK 122-moddasi birinchi qismining 5, 6, 9 va 9¹-bandlariga asosan koʻrmasdan qoldirilganda, daʼvo ariza berilganda kechiktirilgan yoki boʻlib-boʻlib toʻlash belgilangan davlat boji taraflardan undirilmasligi inobatga olinishi lozim.